Rossiyaga uchuvchilikka o‘qish uchun kelgan va bir yildan beri hibsda saqlanayotgan o‘zbekistonlik 21 yashar yigit ochlik e’lon qildi

Moskvadagi “Matrosskaya tishina” qamoqxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ma’rufjon Shakarov ochlik e’lon qilganiga bir oydan oshdi. Bu haqda “MK.ru” xabar bermoqda.

Foto: “MK.ru”

Shakarovning shikoyatiga asosan ishni apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqqan Moskva shahar sudi uning ozodlikdan mahrum etish muddatini 10 yildan 5 yilga kamaytirdi, biroq 21 yoshli yigit butkul oqlanishini talab qilmoqda.

Ma’rufjon Shakarov oxirgi paytda juda zaiflashib qolgan, zo‘rg‘a gapiradi. Qamoqxona ma’muriyati va shifokorlar uni ochlikni to‘xtatishdan qaytara olmadi.

Toshkentdagi aviatsiya texnikumini bitiruvchisi fuqaro aviatsiyasi institutiga kirish va uchuvchi bo‘lish niyatida Rossiyaga kelgandi. Bundan bir yil avval yigitni politsiya patruli to‘xtatadi. Politsiyachilarning aytishicha, Ma’rufjon qochishga uringan, uni ushlashganida esa yonida narkotiklar moddalar solingan 7 ta o‘ram bo‘lgan.

Shakarov ikki politsiyachiga hujjatini ko‘rsatgani, uchinchi politsiyachi ham hujjatlarni ko‘rmoqchi bo‘lganida e’tiroz bildirgani, mehmonlarga nisbatan hurmatda bo‘lish lozimligini aytganini ta’kidlamoqda. Politsiyachilar bunday “beadablik”dan darg‘azab bo‘lib, uni o‘rmonga olib ketib, kaltaklagan, elektroshokerlardan foydalangan. Oxir-oqibat unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

“O‘zbekistonlik yigitning aybini isbotlaydigan dalillar yetarli emas. Faqat uning telefonidagi Telegram messenjerida Ma’ruf yonidagi moddalarni olishi mumkin bo‘lgan joy fotosuratlari bo‘lgani aytiladi. Keyinroq barcha 37 ta foto telefondan yo‘qolib qoladi. Ularni hatto ayblanuvchining o‘ziga ham ko‘rsatishmagan”, – deya qayd etadi nashr.

Hibsxona tibbiyot qismi boshlig‘i hujjatlar, ekspertiza xulosasi bilan tanishdi. U va psixiatriya ekspertizasi yigitda giyohvandlik alomatlarini aniqlamadi.

“Oqlanishimga yordam bering. Ota-onam, yaqinlarimga yordam berishim, orzuimdagi oliy ma’lumotni olishim kerak. Rossiyaga qamoqxonada o‘tirish uchun kelmaganman”, — deya murojaat qilgan Ma’ruf Shakarov “MK” tahririyatiga.

Translate »

WildWeb

Яндекс.Метрика
Top.Mail.Ru